Namangan viloyati hokimining o‘rinbosari X. Axunbabayev boshchiligidagi mas’ullar Namangan turistik-rekreatsion hududlarini rivojlantirish direksiyasi tasarrufidagi yer maydonlarida amalga oshirilayotgan loyihalarning holatini joyiga chiqqan holda o‘rgandi.
O‘rganish davomida Chust tumanidagi Rezaksoy suv ombori sohilbo‘yi hududi hamda Pop tumani «Imom-ota» MFYda turizm infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha ishlab chiqilgan master-rejalar ko‘rib chiqildi. Yer maydonlarining amaldagi holati va loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari bilan tanishildi.
Rezaksoy master-rejasida 51,8 gektar, 10 ta investitsiya loti doirasida mehmonxonalar, kottejlar, sog‘lomlashtirish va dam olish obyektlarini tashkil etish nazarda tutilgan. Loyiha suv ombori atrofida sayyohlar uchun qulay dam olish muhitini yaratish hamda turizm xizmatlari turini kengaytirishga qaratilgan.
Pop tumani «Imom-ota» MFYdagi 50 gektar yer maydoni uchun tayyorlanayotgan master-rejada esa mehmonxona va mehmon uylari, sanatoriy, sport va ko‘ngilochar maskanlar, kemping hududlari hamda sayr yo‘laklarini barpo etish ko‘zda tutilgan.
Joylardagi muhokamalarda loyihalarni amalga oshirish jarayonidagi mavjud muammolar o‘rganilib, ularni hal etish yuzasidan takliflar ko‘rib chiqildi. Hududlarning tabiiy imkoniyatlaridan samarali foydalanish va rejalashtirilgan obyektlarni mahalliy sharoitga mos ravishda joylashtirish masalalari muhokama qilindi.